Innovatsiyalar Milliy ofisi, Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti va Germaniyaning Albstadt-Sigmaringen universiteti vakillari ishtirokidagi onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi

“Germaniya va O’zbekistonda to’qimachilik sohasida barqaror va innovatsion ta’minot zanjirini yaratish” hamkorlik dasturi ijrosi yuzasidan 27-sentyabr kuni Innovatsiyalar Milliy ofisi, Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti va Germaniyaning Albstadt-Sigmaringen universiteti vakillari ishtirokidagi onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori o'rinbosari Bunyod Rahmatullayev, Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti birinchi prorektori Ulug'bek Abdullayev va Albstadt-Sigmaringen universiteti professorlari Christian Kaiser va Conny Bast ishtirok etishdi.
Albstadt-Sigmaringen universiteti 1971-yilda tashkil etilgan amaliy fanlar bo'yicha dunyoning yetakchi oliy o'quv yurtlaridan biri hisoblanib, Yevropa universitetlari reytingida TOP-2000 talikdan joy olgan, Universitet bakalavr bosqichida 15 dan ortiq, magistratura bosqichida esa 12 ta yo'nalishlarda talabalarni o'qitadi.
Uchrashuv davomida Germaniyaning Albstadt-Sigmaringen universiteti va Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti o'rtasida tekstil yo'nalishida malaka oshirish maqsadida iqtidorli talabalar almashinuvini yo'lga qo'yish va ularga o'z startaplariga asos solishga ko'maklashish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, Germaniyaning, xususan Albstadt-Sigmaringen universitetining to’qimachilik va tekstil sohasidagi ilg'or tajribasi va muvaffaqiyatli loyihalarini o'rganish maqsadida qo'shma dasturlarni tashkillashtirish masalalari ham ko'rib chiqildi. Ikki davlat o'rtasida universitetlat va tekstil sohasidagi tarmoq tashkilotlar hamkorligini yanada jadallashtirish va kengaytirishga ham kelishib olindi.