O‘zbekiston va Xitoy vakillari o‘rtasida texnologiya va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish bo'yicha uchrashuv tashkil etildi

img

O‘zbekiston va Xitoy vakillari o‘rtasida texnologiya va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda Innovatsiyalar Milliy ofisi Bosh direktori Farhod Djumayev, Xitoy tomonidan esa BMTning Savdo–sotiq va rivojlanish komissiyasi (UNCTAD) eksperti va Space Techtronic Industries Services (Shenzhen) Co., Ltd. direktori Maykl Vang ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi ikki mamlakat o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiluvchi platforma yaratish bo‘ldi. Bu tashabbus ilg‘or sohalar rivojini rag‘batlantirish va ikki davlat o‘rtasidagi biznes aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Alohida e’tibor texnologiyalarni Xitoydan O‘zbekistonga transfer qilish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi maxsus markaz tashkil etish tashabbusiga qaratildi. Bunday markazning faoliyat yuritish jihatlari, jumladan, texnologiyalarni tanlab olish mexanizmlari, joriy etishni kuzatib borish va huquqiy jihatdan tartibga solish masalalari muhokama qilindi.

Joriy yilning 6–8 may kunlari BMTning Savdo–sotiq va rivojlanish komissiyasi bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan “Fan, texnologiya va innovatsiyalar siyosati va texnoparklar amaliyoti” mavzusidagi seminar doirasida ushbu platformani yaratish bo‘yicha bitim imzolashga kelishib olindi.